Shavkat Mirziyoyev Marco Rubio va Sergio Gorga ordenlar topshirdi
Siyosiy muloqot, Amerika investitsiyalari va qoʻshma loyihalar qayd etilgan natijalar qatoridan joy oldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh Davlat kotibi Marco Rubio va AQSh Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Sergio Gorga davlat mukofotlarini topshirdi.
Marco Rubio «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlandi. Shavkat Mirziyoyev uning Oʻzbekiston-Amerika strategik sherikligini mustahkamlash, siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishga qoʻshgan hissasini qayd etdi. Shuningdek, Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va barqaror rivojlanish manfaatlariga xizmat qiluvchi saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlagani, Yangi Oʻzbekistonning xalqaro tashabbuslarini ilgari surishga koʻmaklashgani, shuningdek, ikki mamlakat xalqlari oʻrtasida oʻzaro ishonch va doʻstlikni mustahkamlashga hissa qoʻshgani alohida taʼkidlandi.
Sergio Gor «Doʻstlik» ordeni bilan taqdirlandi. Bunga Oʻzbekistonning AQSh bilan doʻstona aloqalarini rivojlantirish va strategik sherikligini chuqurlashtirishdagi xizmatlari asos qilib koʻrsatildi. Uning xizmatlari qatorida siyosiy muloqotni faollashtirish, amerikalik investorlarni jalb etish, qoʻshma loyihalarni ilgari surish hamda Amerika-Oʻzbekiston biznes va investitsiya kengashi orqali hamkorlik qilish qayd etildi.




