Londonda musiqani litsenziyalashdagi irqiy kamsitish yiliga 141 mln funt sterlingga tushmoqda
Black Lives in Music hisobotida ilk bor qora tanli va janubiy osiyolik sanʼatkorlarning konsertlari koʻproq bekor qilinishi, afrobit va hip-hop kabi janrlar esa «xavfli» deb baholanishi tasdiqlandi, deb yozadi Billboard.
REMEL tadqiqotiga koʻra, Londonda litsenziyalash tizimi va politsiya nazorati qora tanli hamda janubiy osiyolik musiqachilar, promouterlar va konsert maydonlari egalarining faoliyatini adolatsiz ravishda cheklamoqda. Shu sababli shahar jonli konsertlardan har yili 127 mln funt sterlingdan 141 mln funt sterlinggacha daromad yoʻqotmoqda.
Hisobot ikki yil davomida toʻplangan maʼlumotlarga asoslangan: soʻrovnomalar, intervyular, axborot olish erkinligi toʻgʻrisidagi soʻrovlar va davlat organlari qarorlari tahlili. Unda qora tanli va janubiy osiyolik sanʼatkorlar ishtirokidagi tadbirlar koʻproq bekor qilinishi, ularga litsenziya berilmasligi yoki shartlar qatʼiylashtirilishi tasdiqlangan. Afrobit, hip-hop, drill, R&B va dancehall janrlari xavflilikni koʻrsatuvchi dalillar boʻlmasa-da, avtomatik ravishda «yuqori xavfli» deb baholanadi.
Mualliflar tizimni isloh qilish uchun 19 ta tavsiya, jumladan stereotiplardan voz kechish va baholashning shaffof mezonlarini joriy etishni taklif qilmoqda. Hozir promouterlar litsenziya berishni rad etish haqidagi qarorlar ustidan shikoyat qila olmaydi, politsiya esa tekshiruvlarda hatto internetdagi tasodifiy maʼlumotlardan ham foydalanadi. Muhojirlar soni koʻp boʻlgan hududlarda tadbirlar uchun vaqtinchalik ruxsatnomalar koʻproq rad etiladi.





