Oʻzbekiston va YUNISEF bolalar huquqlari va farovonligini muhokama qildi
Muzokaralarda nogironligi boʻlgan bolalarni, ogʻir vaziyatdagi oilalarni qoʻllab-quvvatlash va oilaviy tarbiyani rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.

Oʻzbekistonga Samarqanddagi Butunjahon sammitida ishtirok etish uchun kelgan YUNISEFning mintaqaviy direktori Eduard Beygbeder bilan uchrashuvni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva oʻtkazdi. Suhbat davomida bolalar huquqlarining konstitutsiyaviy kafolatlarini mustahkamlashga qaratilgan islohotlar va amaliy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
«Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida»gi qonunning ijrosi alohida mavzu boʻldi. Tomonlar YUNISEF ekspertlari bilan birgalikda ushbu normalarning hududlarda amal qilishini oʻrganish, bolalarga koʻrsatilayotgan yordam samaradorligini baholash va oʻrganish yakunlari boʻyicha amaliy choralarni ishlab chiqish imkoniyatini koʻrib chiqdilar.
Ishtirokchilar bolalarning qobiliyat va iqtidorlarini roʻyobga chiqarish, ularning har tomonlama rivojlanishi uchun sharoit yaratish, mutaxassislar va ota-onalarni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, xizmatlarning mavjudligi va sifati haqida suhbatlashdilar. Uchrashuv yakunida YUNISEFning 2026–2030 yillarga moʻljallangan Mamlakat dasturi boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish zarurligi taʼkidlandi.




