Reuters: Xitoyning sunʼiy intellekt va chip ishlab chiqarish sohasidagi kompaniyalari aksiyalari keskin arzonladi
Britaniyaning axborot agentligi xabariga koʻra, Xitoyda sunʼiy intellekt va mikrosxemalar ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi kompaniyalar aksiyalarining qiymati sezilarli darajada pasaydi.

Toʻliq toʻrt oy ham oʻtmay, yetakchi texnologik kompaniyalar, jumladan, yarimoʻtkazgich ishlab chiqaruvchilarining aksiyalarini oʻz ichiga olgan STAR50 indeksi 40 foizga tushdi. Natijada ularning umumiy bozor kapitallashuvi qariyb 480 mlrd dollarga qisqardi.
Pasayish Xitoyning eng yirik kompaniyalariga ham taʼsir qildi: CSI300 indeksi iyun oyidagi eng yuqori koʻrsatkichlariga nisbatan qariyb 20 foizni yoʻqotdi.
Robot ishlab chiqaruvchi Unitree aksiyalari avgust oyidan beri ikki baravar arzonladi. Mikrosxema ishlab chiqaruvchi CXMT aksiyalari soʻnggi bir oyda oʻz qiymatining 25 foizidan koʻprogʻini yoʻqotdi. Boshqa texnologik kompaniyalar, jumladan, MetaX, Moore Threads, Zhongji Innolight va Eoptolink aksiyalari ham sezilarli darajada arzonladi.
Bozor ishtirokchilari pasayish sabablari qatorida aksiyalar qiymatining haddan tashqari oshirilgani, sunʼiy intellektga boʻlgan talab borasidagi xavotirlar hamda Xitoy uskunalarini xorijga yetkazib berishga ehtimoliy cheklovlarni tilga olmoqda.
Shanghai Zhuozhu Investment Management investitsiya kompaniyasi hamkori Van Chjuoning fikricha, Xitoy chip ishlab chiqaruvchilari va sunʼiy intellekt ishlab chiquvchilari keskin narx raqobatiga duch keladi. Bu kompaniyalar foydasiga bosimni kuchaytirishi mumkin.


