Tunda quyosh nuri: Yerni kosmosdan yoritish boʻyicha amerikalik startap namoyishi tanqidlarga sabab boʻldi
Iyul oyida AQSh regulyatori Reflect Orbital kompaniyasining kelasi yilga rejalashtirilgan ilk namoyish sunʼiy yoʻldoshini uchirishni maʼqulladi.

Avvalroq, oktabr oyida Kaliforniyadagi Loun-Payn shahri yaqinida ushbu texnologiya sinovdan oʻtkazildi: kuchli mobil projektorlar Uitni togʻi yonidagi choʻl hududini yoritdi. Mahalliy aholi nurni koʻzni qamashtiruvchi deb atadi, startap esa uning yorqinligini toʻlin oy nuriga qiyosladi.
Kompaniya kelgusi oʻn yil ichida oynalar oʻrnatilgan 50 000 ta sunʼiy yoʻldoshni orbitaga chiqarishni rejalashtirmoqda. Qurilmalar diametri qariyb 18 metr boʻlgan oynalar bilan jihozlanadi. Ular Yerga kengligi taxminan 4,8 km boʻlgan nur dastalarini — oy nuri darajasidan tortib, peshin paytidagi quyosh yorqinligigacha — aks ettira oladi.
Startap avvalo qidiruv-qutqaruv xizmatlari bilan ishlashni moʻljallamoqda. Boshqa ehtimoliy qoʻllanish sohalari qatorida qishloq xoʻjaligi yerlarini tunda yoritish va ishlamay qolgan koʻcha chiroqlarining oʻrnini bosish ham tilga olindi.
Ekologlar va astronomlar regulyator qarorini qayta koʻrib chiqishni soʻrab, bu loyiha odamlar va hayvonlarning uyqusiga, yulduzlarni kuzatishga hamda kosmik muhitga xavf tugʻdirishi mumkinligini bildirdi. Reflect Orbital kompaniyasi esa hukumat vakillari va olimlar bilan hamkorlik qilishga, shuningdek, astronomik obyektlar, milliy bogʻlar va yovvoyi tabiati boy hududlardan qochishga tayyorligini maʼlum qildi.




