Apple Nvidiaʼdan oʻzib, yana dunyoning eng qimmat kompaniyasiga aylandi
Investorlarning sunʼiy intellektga yoʻnaltirilayotgan katta xarajatlardan xavotirlanishi fonida Apple kompaniya qiymati boʻyicha yana Nvidiaʼdan oʻzib ketdi. Shu kuni Apple aksiyalari 1,2 foizga, Nvidia aksiyalari esa 4,2 foizga arzonladi.

Intel va Amazon kompaniyalarining zaif hisobotlari sunʼiy intellektga kiritilayotgan sarmoyalarning istiqboliga shubhalarni kuchaytirgach, investorlar iPhone ishlab chiqaruvchisini xavfsizroq aktiv deb hisoblay boshladi. Bu orada Apple bunday sarmoyalardan sezilarli darajada voz kechdi.
Sunʼiy intellektga yoʻnaltirilgan xarajatlar Alphabet va Amazon kompaniyalarining erkin pul oqimini manfiy koʻrsatkichga olib keldi. Kompaniyalar qarz bozoridan tobora koʻproq mablagʻ jalb qilmoqda, foiz stavkalarining oshishi esa kreditlarni qimmatlashtirmoqda.
Nasdaq 100 indeksi oktabr oyida 6,7 foizga pasaydi va 2025-yil martidan beri eng yomon oylik natijani qayd etdi. Sunʼiy intellekt uchun hisoblash quvvatlarini sotadigan CoreWeave va Nebius Group kompaniyalari aksiyalari bir oy ichida 30 foizdan koʻproqqa, Intel aksiyalari esa 45 foizdan koʻproqqa arzonladi. Investorlarni sunʼiy intellekt infratuzilmasiga kiritilgan yirik sarmoyalar hozircha kompaniyalar daromadining sezilarli darajada oshishiga olib kelmagani xavotirga solmoqda.




