Oʻzgidromet Oʻzbekistonning toʻqqizta viloyatida sel va toshqinlar xavfi haqida ogohlantirdi
Oʻzgidrometning maʼlum qilishicha, 4–5 noyabr kunlari Oʻzbekistonning togʻli va togʻoldi hududlarida kutilayotgan yomgʻirlar sabab sel kelishi, toshqinlar va suv bosishi mumkin. Aholi va sayyohlardan ehtiyot choralariga rioya qilish soʻraldi.

Qashqadaryo viloyatida ogohlantirish Yakkabogʻ, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi va Gʻuzor tumanlariga taalluqli. Surxondaryoda esa Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Shoʻrchi, Qumqoʻrgʻon va Muzrabot tumanlari xavf ostida.
Samarqand viloyatida Urgut, Samarqand, Bulungʻur, Nurobod, Qoʻshrabot, Kattaqoʻrgʻon, Payariq, Jomboy va Ishtixon tumanlariga tahdid mavjud. Navoiy viloyatida esa Xatirchi, Navbahor, Nurota, Konimex va Karmana tumanlari roʻyxatga kiritilgan.
Jizzax viloyatida ogohlantirish Zomin, Baxmal, Gʻallaorol, Sharof Rashidov, Forish va Yangiobod tumanlariga tarqaladi. Toshkent viloyatida esa Ohangaron, Boʻstonliq, Parkent, Pskent, Oʻrta Chirchiq va Yuqori Chirchiq tumanlari, shuningdek Angren va Olmaliq shaharlari qamrab olingan.
Namangan viloyatida roʻyxatga Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan va Yangiqoʻrgʻon tumanlari kiritilgan. Fargʻona viloyatida esa Soʻx, Fargʻona va Beshariq tumanlari hamda Shohimardon hududi qayd etilgan.
Andijon viloyatida xavf Andijon, Asaka, Jalolquduq, Qoʻrgʻontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xoʻjaobod va Marhamat tumanlarida, shuningdek Xonobod shahrida saqlanib qolmoqda.





