Nicolas Cage vaqtincha uysiz qolganini aytdi
Aktyor Nicolas Cage Malibudagi uyi bilan bogʻliq muammolar sabab mehmonxonalarda yashayotganini maʼlum qildi. U Xellouin bayramida 4 yoshli qizi bilan shirinlik yigʻishni rejalashtirgan edi.

31 oktabr kuni Los-Anjelesdagi Comic Con festivalida Cageʼdan Xellouin bayrami uchun rejalari haqida soʻrashdi. U Malibudagi uy-joyi bilan bogʻliq muammolar sabab bayramni uyida oʻtkaza olmasligini aytdi. Aktyorning soʻzlariga koʻra, hozir u «biroz uysiz» va mehmonxonalarda yashayapti, shu bois uning oldiga bolalar shirinlik olish uchun kelmaydi.
Cage 4 yoshli qizi Augusta bilan Santa-Monikaga shirinlik yigʻishga borishni rejalashtirgan. Qizini uxlatganidan keyin esa u «Yaltirash» dahshatli filmini tomosha qilmoqchi boʻlgan.
8 sentabr kuni aktyorning uyi yonida, avtomobil kirish yoʻli oʻrnida, taxminan 9 ga 9 metr kattalikdagi chuqur hosil boʻldi. Dastlab oʻpirilishga qirgʻoq eroziyasi sabab boʻlgani aytildi. Hodisa joyida gaz kompaniyasi xodimlari ishladi: ular sizib chiqishni bartaraf etdi va shikastlangan hududdagi gaz taʼminotini vaqtincha uzdi.





