Vetnam kompaniyasi Oʻzbekistonda uy-joy qurilishiga 4,5 mlrd dollar sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda
Vetnamning ROX Group kompaniyasi Oʻzbekistonda umumiy qiymati 4,5 mlrd dollar boʻlgan toʻrtta yirik qurilish loyihasini amalga oshirmoqchi. Ularning umumiy maydoni 285 gektarni tashkil etadi, turar joy majmualari esa 115 ming kishiga moʻljallanadi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev loyihalar konsepsiyalarini maʼqullab, ularni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish boʻyicha topshiriq berdi.
Ikki loyiha Buxoroda amalga oshiriladi. Bu yerda 30 ming aholi uchun moʻljallangan turar joy massivlari qurilishi allaqachon boshlangan. Koʻp qavatli uylar bilan bir qatorda, loyihalarda mehmonxonalar, biznes markazlari va savdo obyektlari ham koʻzda tutilgan.
Toshkentda kompaniya Uchtepa tumanini rivojlantirishni, Samarqandda esa faoliyat koʻrsatayotgan turistik majmua atrofidagi hududni oʻzlashtirishni rejalashtirmoqda. Investor, shuningdek, Jizzax viloyatida sanoat zonasi tashkil etishni taklif qildi.





