Oʻzbekistonda asosiy stavka 2029 yilgacha 10 foizdan pastga tushishi mumkin
Oʻzbekiston Markaziy banki asosiy stavkani 2027–2029 yillarda 10 foizdan pastga tushirish mumkinligini istisno etmayapti.
Markaziy bank raisi oʻrinbosari Nodirbek Achilovning soʻzlariga koʻra, bu inflyatsiyaning barqaror ravishda sekinlashib, maqsadli 5 foizgacha tushishi va inflyatsion kutilmalarning pasayishi sharoitida mumkin boʻladi.
4 noyabrdagi yigʻilishda regulyator boshqaruvi ikkita variantni koʻrib chiqdi: stavkani 14 foiz darajasida saqlab qolish yoki uni 13,5 foizgacha tushirish. Saqlanib qolayotgan inflyatsion xatarlar va ichki talabning yuqoriligi sabab koʻpchilik birinchi variantni qoʻllab-quvvatladi.
Markaziy bankning bazaviy ssenariysiga koʻra, inflyatsiya 2027 yilning ikkinchi yarmida 5 foizga yaqinlashadi va 2028–2029 yillarda shu daraja atrofida barqarorlik kasb etadi. Stavka pasaytirilsa, regulyator foiz koridorini toraytirishi mumkinligini istisno etmayapti. Stavkani pasaytirishning tasdiqlangan jadvali mavjud emas.





