Oʻzbekistonda yillik inflyatsiya biroz tezlashib, 6,5 foizga yetdi
Milliy statistika qoʻmitasi xabariga koʻra, oktabrda Oʻzbekistonda yillik inflyatsiya 6,5 foizga yetib, sentabrdagidan oshdi.

Bir oyda isteʼmol narxlari 0,6 foizga, yil boshidan buyon esa 4,8 foizga oshdi. Oylik inflyatsiya sentabrdagidan past boʻldi, biroq oʻtgan yil oktabridagi koʻrsatkich bilan bir xil chiqdi.
Narxlarning asosiy oʻsishi oziq-ovqat mahsulotlariga toʻgʻri keldi: ular ketma-ket ikkinchi oy qimmatlashdi. Yillik hisobda oziq-ovqat mahsulotlari narxi 6,4 foizga oshdi. Nooziq-ovqat mahsulotlari oʻtgan yilgidan sekinroq qimmatlashdi, pulli xizmatlar esa oktabrda oʻtgan yilning shu oyidagiga qaraganda sezilarliroq qimmatlashdi. Yil davomida xizmatlar yirik toifalar ichida eng tez oʻsgan yoʻnalish boʻldi — ularning narxi 7,3 foizga oshdi.
Hududlar kesimida narxlarning eng yuqori oylik oʻsishi Toshkent shahrida qayd etildi, undan keyingi oʻrinda Samarqand viloyati boʻldi. Eng past oylik oʻsish surʼatlari Qoraqalpogʻiston va yana besh viloyatda qayd etildi. Yil yakunlariga koʻra, narxlar eng koʻp poytaxt, Samarqand va Fargʻona viloyatlarida oshdi. Yillik eng past oʻsish Buxoro viloyatida qayd etildi.





