Oʻzbekiston korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha BMT ekspertlari yigʻilishlarida ishtirok etmoqda
Bu xalqaro hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha Ochiq tarkibli ekspertlar guruhining 15-yigʻilishi va Aktivlarni qaytarish boʻyicha Hukumatlararo ishchi guruhning 20-sessiyasidir.

Oʻzbekiston vakillari BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi doirasida Venada oʻtkazilayotgan ikki ekspertlar uchrashuvida ishtirok etdi.
Delegatsiyaga Bosh prokuratura Xalqaro-huquqiy boshqarmasi boshligʻi Rustam Giyosov rahbarlik qilmoqda.
Ishtirokchilar mamlakatlar konvensiya qoidalarini qanday bajarayotgani va ular oʻrtasidagi yanada yaqin hamkorlikni qanday yoʻlga qoʻyish mumkinligini muhokama qilmoqda. Kun tartibidan jinoyat ishlari boʻyicha oʻzaro huquqiy yordam hamda jinoiy aktivlar bilan ishlashning aniqlash va xatlashdan tortib musodara qilish va qaytarishgacha boʻlgan barcha bosqichlari ham oʻrin olgan.
Yigʻilishlar kulisida Bosh prokuratura xodimlari Latviya, Belgiya, Niderlandiya va boshqa mamlakatlar delegatsiyalari bilan uchrashmoqda. Muzokaralarda jinoyat ishlari boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatish hamda noqonuniy yoʻl bilan olingan aktivlarni qaytarish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilinmoqda.





