NASA Oyga rejalashtirilgan parvozlar uchun astronavtlarni saralamoqda
NASA astronavtlarning 25-guruhiga arizalar qabul qilishni boshladi. Yakuniy tarkib 2027-yil oxirida tasdiqlanadi.

Bu NASAning ikki yil ichidagi ilk astronavtlar saralovidir. 1959-yilda «Merkuriy-7» nomli ilk guruh tuzilganidan beri dasturga 370 kishi qabul qilingan.
Yangi astronavtlar past Yer orbitasida ishlash, Oyda operatsiyalar oʻtkazish va «Artemida» dasturining kelajakdagi ekspeditsiyalarida qatnashishga tayyorlanadi. NASA tijoriy orbital platformalarni uchirish kechikayotgani sababli Xalqaro kosmik stansiyaning foydalanish muddati 2030-yilgacha uzaytirilsa, guruh stansiya ekipajlarini taʼminlash uchun kerak boʻlishi mumkinligini istisno qilmayapti.
Shu bilan birga, agentlik Oy yuzasida baza yaratishni rejalashtirmoqda. Buning uchun ochiq kosmosga chiqish tajribasiga ega koʻproq mutaxassislar kerak boʻladi.
Tanlovda tabiiy fanlar, texnologiyalar, muhandislik yoki matematika boʻyicha magistr darajasiga ega va mutaxassisligi boʻyicha kamida uch yil ishlagan AQSh fuqarolari qatnashishi mumkin. Bu talab oʻrniga tibbiy maʼlumotga ega boʻlish, akkreditatsiyadan oʻtgan sinov uchuvchilari maktabini tamomlash yoki texnik fan boʻyicha doktorlik dissertatsiyasi ustida ikki yil ishlagan boʻlish ham mumkin.
Barcha nomzodlar, shuningdek, uzoq davom etadigan kosmik parvozlarga yaroqliligini aniqlash uchun tibbiy koʻrikdan oʻtishi kerak.
10 kishidan iborat 24-guruh 2025-yilda tuzilgan. NASA tarixida ilk bor unda ayollar soni erkaklarnikidan koʻp boʻlgan. Guruh aʼzolaridan biri, doktor Anna Menon, avvalroq Polaris Dawn tijoriy missiyasi doirasida kosmosga uchgan. U guruhga rasman qabul qilinishidan oldin parvoz qilgan ilk ayol nomzod boʻldi.
Hozirgi saralov yangi guruhni muntazam Oy ekspeditsiyalariga oʻtishga tayyorlash va ekipajli kemalarni yangi orbital stansiyalar bilan integratsiya qilishga moʻljallangan. NASA, shuningdek, uni uzoq kosmosda va avtonom orbital xablarda ishlaydigan mutaxassislarni tayyorlash bilan bogʻlamoqda.





