Oʻzbekistonda bankomatlar ishlab chiqarish imkoniyati oʻrganiladi
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat ichida bankomatlar ishlab chiqarish istiqbollarini baholash va kameralar ishlab chiqarishni koʻpaytirishni topshirdi. 2025-yilda bankomatlar importi $50 mln dan oshdi.

Yangi turar joy mavzelari va savdo markazlari qurilishi sababli talab oshishi mumkin. Ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish imkoniyatini koʻrib chiqish uchun bozor ehtiyojlarini baholash, shuningdek, investorlar va texnologiyalarni jalb etish imkoniyatlarini oʻrganish topshirildi.
Shuningdek, videokuzatuv kameralari ishlab chiqarishni kengaytirish masalasi ham koʻrib chiqilmoqda. Ichki bozor ehtiyoji yiliga $200 mln deb baholanmoqda, qoʻshni mamlakatlar hisobga olinganda esa bu koʻrsatkich $600 mln dan oshadi. Hozir Buxoro va Samarqanddagi korxonalar birgalikda yiliga qariyb 2 mingta kamera ishlab chiqarmoqda.
Bundan tashqari, Toshkentda serverlar va sensorlar, Jizzax viloyatida esa elektromobillar uchun quvvatlash qurilmalarini ishlab chiqarish taklif qilindi.




