Oʻzbekistonda robototexnika va elektronika ishlab chiqaruvchilari uchun imtiyozlar joriy etiladi
Nurafshonda «Kelajak texnologiyalari markazi» tashkil etiladi. Uning korxonalari IT-park rezidentlari uchun nazarda tutilgan imtiyozlardan foydalanadi. Bu haqda 9 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar va investorlar bilan uchrashuvida maʼlum boʻldi.

Robotlar, elektronika va texnologik uskunalar ishlab chiqarish uchun xomashyo hamda butlovchi qismlar import bojlaridan, bu sohadagi ilmiy ishlanmalardan olinadigan daromadlar esa soliqlardan ozod qilinadi.
Mamlakatda mikroprotsessor modullari allaqachon ishlab chiqarilmoqda, Toshkentda esa koreyalik hamkorlar bilan robotlar ishlab chiqarish loyihasi boshlangan. Shuningdek, serverlar, sensorlar va elektron platalar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda. Hisob-kitoblarga koʻra, sohaning rivojlanishi elektrotexnika eksportini $5 mlrdgacha yetkazish imkonini beradi.




