Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Seshanba, 10-noyabr 2026-yilRUUZEN
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Dunyo

Sunʼiy intellekt bumerangi: kompaniyalar neyron tarmoqlari bilan almashtirilgan xodimlarini qaytarmoqda

Avtomatlashtirish biznesga kundalik jarayonlarni tezlashtirishga yordam berdi, biroq mijozlarning murakkab murojaatlari va tajriba talab qiladigan vazifalarda kamroq samarali boʻlib chiqdi.

10-noyabr, 14:56По-русски

Kompaniyalar qaysi ishlarni neyron tarmoqlarga topshirishni qayta koʻrib chiqishni boshladi, deb yozadi Associated Press.

Mehnat bozoridagi bu tendensiya «sunʼiy intellekt bumerangi» deb atalmoqda. Bu atama tashkilotlar sunʼiy intellektga umid qilib qisqartirgan lavozimlariga odamlarni yana ishga yollay boshlaganida yuzaga keladigan holatni anglatadi. Hodisaning koʻlami hozircha noaniq, biroq ayrim holatlar bank sohasi, IT va mijozlarga xizmat koʻrsatish yoʻnalishlarida qayd etilgan.

Bunga misollardan biri — Shvetsiyaning Klarna kompaniyasi. 2024 yilda kompaniya sunʼiy intellekt yordamchisini ishga tushirdi va u birinchi oyda 23 ta bozorda 2,3 mln murojaatni koʻrib chiqdi. Klarna yordamchining ish hajmini 700 nafar operator mehnatiga teng deb baholadi va uzoq vaqt davomida yangi xodimlarni yollashni toʻxtatdi. Biroq nostandart masalalarni hal qilishda xizmat sifati pasaydi. 2025 yilda kompaniya yana mutaxassislarni ishga yollay boshladi: botlarga oddiy soʻrovlarni, odamlarga esa murakkab holatlarni qoldirdi.

Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media

Avstraliyada Commonwealth Bank ovozli sunʼiy intellekt joriy etilganidan soʻng call-markazdagi 45 ta lavozimni qisqartirishini eʼlon qildi. Keyinchalik murojaatlar soni kamaymagani maʼlum boʻldi va bank qarorini qayta koʻrib chiqib, xodimlarga ishda qolish yoki oʻz xohishiga koʻra ketishni taklif qildi.

2026 yil sentabrida Amazon Web Services ham sobiq xodimlarini soddalashtirilgan suhbat jarayoni orqali ishga taklif qila boshladi. Shu bilan birga, kompaniya sunʼiy intellektni rivojlantirishda va bulutli texnologiyalar boʻyicha mutaxassislarni izlashda davom etmoqda.

IBM boshqa bir misolni keltiradi: kadrlar bilan bogʻliq operatsiyalarni avtomatlashtirish kompaniyaga inson koʻnikmalari muhim boʻlgan yoʻnalishlarda, xususan, dasturlash, savdo va marketingda xodimlar yollashni kengaytirish imkonini berdi.

Mutaxassislar gap sunʼiy intellektdan ommaviy ravishda voz kechish haqida ketmayotganini taʼkidlamoqda. Kompaniyalar avtomatlashtirish va inson mehnatini uygʻunlashtirish yoʻllarini izlamoqda, xodimlarni qayta ishga olishni esa hozircha universal tendensiya deb boʻlmaydi.

Yana oʻqing