Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Seshanba, 10-noyabr 2026-yilRUUZEN
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
AQSH va Yevropa

Yevrokomissiya manipulyativ onlayn dizaynlarning 10 turini taqiqlamoqchi

Loyiha, shuningdek, oʻyinlarda bolalarni himoya qilishni va kompaniyalarga jahon miqyosidagi aylanmasining 6 foizigacha jarima solishni nazarda tutadi.

10-noyabr, 11:44По-русски

Read in English

Yevrokomissiya 11-noyabr kuni Raqamli adolat toʻgʻrisidagi akt loyihasini taqdim etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Euronews dastlabki hujjatga tayanib xabar berdi. Hujjat amaldagi nohalol tijoriy amaliyotlar toʻgʻrisidagi direktiva oʻrnini Yevropa Ittifoqining barcha mamlakatlari uchun majburiy boʻlgan reglament bilan almashtirishi kerak. Yangi qoidalarni qabul qilish uchun Yevroparlament va ittifoqqa aʼzo davlatlarning roziligi talab etiladi.

Loyihaga koʻra, foydalanuvchilarni manipulyatsiya qilishning 10 usuli har qanday sharoitda taqiqlanadi. Ular qatoriga obunani bekor qilishning murakkablashtirilishi, narxlar va uzaytirish shartlarining yashirilishi, tovarlar tanqisligi haqidagi yolgʻon bildirishnomalar, oldindan tanlab qoʻyilgan pullik opsiyalar hamda qarorni oʻzgartirishga undovchi tajovuzkor takliflar kiradi.

Toʻlov vaqtida koʻrinadigan yashirin majburiy yigʻimlar va chalgʻituvchi chegirmalarni ham alohida taqiqlash rejalashtirilmoqda.

Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media

Bolalarni himoya qilishga alohida eʼtibor qaratilgan. Voyaga yetmaganlar uchun moʻljallangan videooʻyinlarda pullik loot-boxlar va pay-to-win mexanizmlarini taqiqlash taklif etilmoqda. Oʻyin ichidagi valyutalarning qiymati haqiqiy pulda koʻrsatilishi kerak boʻladi, bolalar uchun esa ulardan foydalanish sukut boʻyicha oʻchirib qoʻyiladi. Uni ota-onalar ruxsati bilan yoqish mumkin boʻladi. Voyaga yetmaganlar profiliga asoslangan reklamani taqiqlash faqat onlayn-platformalarga emas, barcha sotuvchilarga tatbiq etilishi rejalashtirilmoqda.

Foydalanuvchilarga kontentning avtomatik ijro etilishini, tajovuzkor bildirishnomalarni, uzluksiz harakatlar seriyasi uchun beriladigan mukofotlarni hamda shaxsiy munosabatlarga taqlid qiluvchi chatbot funksiyalarini oʻchirib qoʻyish imkoniyati beriladi.

Bepul sinov muddatini mijozning roziligisiz avtomatik tarzda pullik obunaga aylantirish mumkin boʻlmaydi. Kompaniyalar, shuningdek, obunani uzaytirish haqida eslatib turishi, uni bekor qilish uchun alohida tugma joriy etishi va qoʻllab-quvvatlash xodimi bilan bogʻlanish imkoniyatini taqdim etishi shart boʻladi.

Yangi talablar xaridlarni amalga oshiradigan sunʼiy intellekt agentlariga ham taalluqli boʻladi. Foydalanuvchilar qaysi operatsiyalar uchun oʻz roziligi kerakligini belgilashi mumkin, tizimlar esa homiylik asosidagi takliflarni oshkor qilishi kerak boʻladi.

Yevrokomissiya hisob-kitobiga koʻra, bu choralar 2025–2035-yillarda isteʼmolchilarning 88,4 milliard yevrolik moliyaviy yoʻqotishlarining oldini olish imkonini beradi. Yevrokomissiya tomonidan tergov qilinadigan qoidabuzarliklar uchun kompaniyaning yillik jahon miqyosidagi aylanmasining 6 foizigacha jarima solish koʻzda tutilgan.

Yangi qoidalarni reglament kuchga kirganidan bir yil oʻtib qoʻllash rejalashtirilmoqda. Germaniya alohida qonun yaratishga qarshi chiqqan va amaldagi normalarni oʻzgartirishni taklif qilgan.

Yana oʻqing