Marin Le Pen CBS telekanaliga bergan intervyusida: «Fransiya endi ishsizlarni olib kira olmaydi»
Fransiya prezidentligiga «Milliy birlashuv» partiyasidan nomzod Marin Le Pen Amerikaning CBS telekanalidagi «60 daqiqa» dasturida migratsiya siyosatiga oid qarashlarini bayon qildi.

Uning soʻzlariga koʻra, Fransiya — «dunyodagi irqchilik eng kam boʻlgan mamlakat», u yerda umuman diskriminatsiya yoʻq.
Le Pen migrantlar oqimi Fransiya jamiyatini «beqarorlashtirganini» aytdi. U dalil sifatida statistikani keltirdi: chet elliklar orasidagi ishsizlar soni mahalliy fransuzlar orasidagidan ikki baravar koʻp. «Biz endi ishsizlarni olib kira olmaymiz», — dedi siyosatchi.
Boshlovchi Trevor Phillips bu tafovut ishga qabul qilishdagi diskriminatsiya bilan izohlanishi mumkinligini taxmin qildi. Le Pen bu fikrni rad etib, Fransiyada bunday hodisa mavjud emasligini aytdi.
U Fransiyaning integratsiya yondashuvini «anglosaksoncha» yondashuvga qarama-qarshi qoʻydi va uni «mille-feuille» nomli qatlamli pirogga qiyosladi. Le Penning fikricha, Fransiyaga koʻchib kelgan inson milliy hamjamiyatga toʻliq singib ketishi kerak.
Undan, shuningdek, «remigratsiya», yaʼni uning partiyasi fikricha, fransuzcha turmush tarzini qabul qilmaydiganlarni mamlakatdan chiqarib yuborish haqida soʻrashdi. Le Pen bu atamani oʻzi ishlatmadi, biroq fransuz madaniyatini mensimaydigan va qonunlarga rioya qilishga tayyor boʻlmaganlar uchun «eshik lang ochiqligini» anglatdi. Uning qoʻshimcha qilishicha, zarurat tugʻilsa, bunday odamlarni bunga majburlash mumkin boʻladi.
Hozirda Le Pen 2027-yilgi prezidentlik saylovlari oldidan oʻtkazilayotgan soʻrovlarda yetakchilik qilmoqda.





