Nabiullina: Markaziy bank investorlarga muzlatilgan aktivlarning salmoqli qismini qaytardi
Rossiya banki rahbari Elvira Nabiullinaning soʻzlariga koʻra, regulyator rossiyalik investorlarga xorijda bloklangan aktivlarining sezilarli qismini qaytarishga muvaffaq boʻlgan. Bu haqda u Davlat dumasi deputatlariga maʼlum qildi.

Nabiullinaga koʻra, bunda turli vositalardan, jumladan, oʻrnini bosuvchi obligatsiyalar chiqarishdan foydalanilgan. Markaziy bank rahbari bu masala hamon regulyator eʼtiborida ekanini va shu yoʻnalishdagi ishlar davom etishini taʼkidladi. U mavzuning «sezgirligi»ni sabab qilib, tafsilotlarni oshkor qilmadi.
Rossiya mablagʻlarining xorijdagi taqdiri masalasi soʻnggi haftalarda yana diqqat markaziga chiqdi. Oktabr oʻrtalarida AQSh Yevropaga 2022-yildan beri muzlatib qoʻyilgan Rossiya aktivlarining bir qismini blokdan chiqarib, ularni Vashington boshqaruviga topshirishni taklif qildi. Amerika tomoni bu qadamni tomonlarni Ukraina boʻyicha tinchlik muzokaralariga qaytarish usuli sifatida koʻrdi. Taklif Donald Tramp vakillari Ukraina, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi va NATO delegatsiyalari bilan uchrashganida yangragan, biroq yevropaliklar uni qoʻllab-quvvatlamadi.
Finlyandiyada 6-noyabr kuni Xelsinki apellyatsiya sudi mamlakatdagi Rossiya davlat aktivlariga qarshi yangi cheklovlar joriy etilishini muzlatib qoʻydi. Qarorni ijro etish apellyatsiya koʻrib chiqilgunga qadar yoki sudning alohida koʻrsatmasi berilgunga qadar kechiktirildi. Avvalroq joriy etilgan sanksiyalar esa amalda qolmoqda.





