Pol Makkartni dunyoning eng boy musiqachilari uchligidan joy oldi
The Beatles guruhining sobiq aʼzosi Pol Makkartnining boyligi 1,4 mlrd dollarga yetdi. Forbes bahosiga koʻra, u eng badavlat musiqachilar orasida uchinchi oʻrinda turibdi. Undan oldinda faqat Jay-Z (2,8 mlrd dollar) va Teylor Svift (2 mlrd dollar) bor.

Makkartni kapitalining katta qismini musiqiy asarlarga boʻlgan mualliflik huquqlari tashkil etadi. Uning 1969-yilda asos solingan MPL Communications kompaniyasi musiqachining oʻz kataloglari hamda boshqa ijodkorlar, jumladan, Baddi Holli asarlari kataloglarini boshqaradi. Daromadning yana bir qismini Brodvey myuzikllari va Rojdestvo qoʻshiqlariga boʻlgan huquqlar keltiradi.
Bundan tashqari, Makkartni The Beatles merosi bilan bogʻliq Apple Corps kompaniyasi daromadining chorak qismini oladi. Mualliflik toʻlovlari, gastrol safarlari, koʻchmas mulk va Pikasso hamda Magritt asarlari bor sanʼat kolleksiyasi ham qoʻshimcha daromad manbalaridir.
2026-yil may oyida musiqachi «The Boys of Dungeon Lane» nomli yakkaxon albomini chiqardi va ijodiy faoliyatini davom ettirmoqda.





