Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Chorshanba, 11-noyabr 2026-yilRUUZEN
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Osiyo va Yaqin Sharq

Misr husiylar hujumlaridan himoya qilish uchun Saudiya Arabistoniga harbiylar yuborganini tasdiqladi

Misr tashqi ishlar vaziri Badr Abdel Aty Qohira Saudiya Arabistoniga harbiy yordam yuborganini va qirollikni husiylardan himoya qilish uchun mamlakatdagi harbiy ishtirokini kuchaytirayotganini maʼlum qildi, deb yozadi The National.

11-noyabr, 19:30По-русски

Read in English

11 noyabr kuni Misr tashqi ishlar vaziri Badr Abdel Aty Saudiya Arabistonidagi harbiy ishtirok qirollikning iltimosiga koʻra yoʻlga qoʻyilganini va endi u kengaytirilayotganini bildirdi. Vazir kontingent soni va qurol-yarogʻ tarkibiga aniqlik kiritmadi.

The National suhbatdoshlarining maʼlumotlariga koʻra, Misr yuzlab harbiy xizmatchilar bilan birga zirhli texnika, zenit batareyalari va «yer-yer» toifasidagi raketalarni ham yuborgan. Ularning taʼkidlashicha, havo hujumidan mudofaa tarkibiga past uchuvchi raketalar va uchuvchisiz qurilmalarni tutib qolishga moʻljallangan kichik va oʻrta masofali «Amun» tizimi ham kiritilgan.

Misr tashqi ishlar vazirining soʻzlariga koʻra, harbiylar, avvalo, strategik obyektlarni, jumladan, Makka va Madinadagi muqaddas qadamjolarni himoya qilish uchun yuborilgan. Misr tomoni missiyaning mudofaa xususiyatiga urgʻu bermoqda. Shu bilan birga, manbalardan birining aytishicha, hujumga uchragan taqdirda Qohira oʻzini himoya qilish huquqiga ega.

26 oktabr kuni Misr parlamenti prezident Abdulfattoh as-Sisiga Saudiya Arabistonini himoya qilish uchun zarur choralarni koʻrishga vakolat berdi. Saudiya Arabistoni husiylarga qarshi kurashda Yaman hukumat qoʻshinlarini harbiy jihatdan qoʻllab-quvvatlayotgan arab koalitsiyasiga boshchilik qiladi. Koalitsiya husiylar pozitsiyalariga havo zarbalari bermoqda, «Ansor Alloh» esa qirollik infratuzilmasiga qarshi amaliyotlar oʻtkazmoqda.

Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media