Toshkent aeroportida mobil telefonlarni bojxona rasmiylashtiruvi qayta tiklandi
IMEI almashtirilganiga shubha tugʻilsa, bojxona xodimlari UzIMEI vakillariga murojaat qiladi.

Bu haqda 11 noyabr kuni boʻlib oʻtgan brifingda Bojxona qoʻmitasi matbuot kotibi Xusan Tangriyev maʼlum qildi. Import qilinadigan mobil telefonlarni rasmiylashtirish 10 noyabr kuni kechqurun vaqtincha toʻxtatilgan edi.
Qoʻmita bunga amaldagi bojsiz olib kirish meʼyoridan ortiq qurilmalarni qalbaki IMEI-kodlardan foydalangan holda olib kirishga urinishlar koʻpayganini sabab qilib koʻrsatdi. Qoidabuzarlar telefonlarni boshqa qurilmalarga tegishli identifikatorlar orqali roʻyxatdan oʻtkazgan yoki bir xil kodga bir nechta qurilmani rasmiylashtirgan.
Bojxona xodimlarining taʼkidlashicha, bunday holatlarni aniqlash maxsus bilim va tayyorgarlikni talab qiladi. Shu sababli IMEI almashtirilganiga shubha tugʻilsa, Toshkent aeroporti xodimlari UzIMEI vakillariga murojaat qiladi. Tashkilot ofisi terminalda doimiy ishlaydi.
Qoʻmita yangi tartib mobil qurilmalarni olib kirish bilan bogʻliq masalalarni yagona tartibda va yuridik talablar asosida koʻrib chiqish imkonini beradi, deb hisoblaydi.
“Vaziyatga aniqlik kiritilgani tufayli bugundan boshlab mobil qurilmalarni bojxona rasmiylashtiruvi belgilangan tartibda qayta tiklanadi”, — dedi Tangriyev.
Bojxona qoʻmitasi telefonlar 30 kungacha olib qoʻyilishi va rasmiylashtirishni tezlashtirish uchun haq undirilishi haqidagi xabarlarni ham izohladi. Idora bunday qoidalar joriy etilganini tasdiqlamadi.





