Polsha Kiyevga MiG-29 qiruvchilarini dron texnologiyalari evaziga beradi
Polsha mudofaa vaziri oʻrinbosari Sezari Tomchik Varshava Ukrainaga MiG-29 berishni dron texnologiyalaridan foydalanish imkoniyati evaziga kelishishni yakunlayotganini aytdi.
Varshava va Kiyev uchuvchisiz uchish apparatlari texnologiyalari hamda ularga qarshi vositalar boʻyicha ishchi guruhlar tuzish haqida kelishuv imzoladi. Tomchikning aytishicha, tomonlar Polsha qiruvchilarini Ukrainaga topshirish shartlarini yakunlamoqda.
Avvalroq Polsha mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamish Varshava Polsha Qurolli Kuchlari safidan chiqarilayotgan samolyotlarni Kiyevga topshirish rejasini bekor qilganini bildirgan edi. U bunga Ukraina Polsha harbiylariga dron texnologiyalarini topshirish boʻyicha kelishuvlardan chekinayotganini sabab qilib koʻrsatgan. Keyinroq vazir muzokaralarga qaytilishini eʼlon qilgan.
Polsha Qurolli Kuchlari tasarrufida 14 ta MiG-29 bor. Dastlabki bosqichda Ukrainaga ikkita qiruvchi topshirish rejalashtirilmoqda.





