G7 mamlakatlari aholisi optimizmi 2009-yilgi inqiroz darajasigacha pasaydi
2026-yilda G7 mamlakatlarida soʻrovda qatnashgan va oʻz hududining iqtisodiyoti yaxshilanmoqda, deb hisoblaganlar ulushi median qiymatda atigi 22 foizni tashkil etdi. Bu haqda Gallup tadqiqotida aytiladi.

Bu koʻrsatkich deyarli 2009-yildagi jahon moliyaviy inqirozi davridagi darajaga teng. 2025-yil bilan taqqoslaganda, optimizm darajasi 13 foiz bandga pasaydi. Shu bilan birga, mahalliy iqtisodiyot yomonlashmoqda, deb hisoblaganlar ulushi 66 foizga yetdi — bu optimistlar sonidan uch baravar koʻp.
Ijobiy baholarning pasayishi G7 tarkibidagi barcha yetti mamlakatda qayd etildi. Ularning hech birida optimistik kayfiyatdagi respondentlar ulushi uchdan biridan oshmaydi. Fransiyada bu koʻrsatkich 14 foizni, AQShda esa 29 foizni tashkil etdi. Kanada, Germaniya va Buyuk Britaniyada ham nihoyatda past koʻrsatkichlar qayd etildi. Yaponiya va Italiyada optimizm yuqoriroq boʻlib, mos ravishda 33 va 32 foizni tashkil etdi, biroq bu mamlakatlarda ham ijobiy dinamika kuzatilmayapti.
Aholi kayfiyati iqtisodiy statistika bilan mos kelmayapti: G7 mamlakatlarining real yalpi ichki mahsuloti moʻtadil surʼatlarda boʻlsa-da, oʻsishda davom etmoqda. Biroq inflyatsiyaning keskin oʻsishidan keyin xarid qobiliyatining tiklanishi sekin kechmoqda. Bu iqtisodiy koʻrsatkichlar bilan aholining vaziyatni qabul qilishi oʻrtasidagi tafovutni izohlashi mumkin.





