Dream Chaser kosmik samolyoti AQShda qoʻnishga ruxsat oldi
AQShning Sierra Space kompaniyasi Dream Chaser kosmik samolyotining ilk orbital parvoziga yaqinlashdi.

AQSh Federal fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi (FAA) apparatga kosmosdan qaytib, Kaliforniyadagi Vandenberg bazasiga qoʻnishga ruxsat berdi, deb xabar beradi Naked Science.
Litsenziya besh yil amal qiladi va apparat konstruksiyasi hamda parvoz parametrlari oʻzgarmagan taqdirda, har yili orbitadan toʻrt martagacha qaytishga ruxsat beradi.
Seriyadagi Tenacity deb nomlangan birinchi kosmik samolyot buklanadigan qanotlar bilan jihozlangan. Uni orbitaga Vulcan Centaur raketasi olib chiqishi kerak. Oddiy qaytuvchi kapsulalardan farqli ravishda, Dream Chaser samolyot kabi uchish-qoʻnish yoʻlagiga qoʻna oladi.
Apparat Yerga qariyb 1,85 tonna yuk, jumladan, ilmiy tajribalar natijalari va sezgir uskunalarni olib kela oladi.
Birinchi parvoz dastlabki reja boʻyicha 2027 yil bahoriga moʻljallangan. Biroq FAA ruxsati kosmik samolyotni faqat qaytarish va qoʻndirishga taalluqli boʻlib, uning uchirilishiga taalluqli emas.





