AQSh Xitoy, Rossiya va Eronning xorijiy bulutlar orqali sunʼiy intellekt chiplariga kirishini nazorat qilishni kuchaytiradi
AQSh Savdo vazirligi ilgʻor sunʼiy intellekt chiplarini Xitoy, Rossiya, Eron va cheklovlar tatbiq etiladigan boshqa yurisdiksiyalardagi kompaniyalarga katta hisoblash quvvatlarini taqdim etadigan maʼlumotlar markazlariga yetkazib berish ustidan eksport nazoratini kengaytirmoqda.

Yangi talablar AQSh eksport cheklovlari amal qiladigan mamlakatlardagi kompaniyalarning Amerika hisoblash quvvatlaridan foydalanishini qiyinlashtirishi kerak. Gap, jumladan, Nvidia Blackwell chiplari va superintellekt tizimlari uchun serverlar haqida bormoqda.
Xorijiy maʼlumotlar markazlari mijozlarining ishonchliligini tekshirishga majbur qilinadi. Xitoy, Rossiya va Eronda bosh qarorgohiga ega kompaniyalarga katta hajmdagi hisoblash quvvatlarini taqdim etadigan markazlar uchun ham cheklovlar joriy etiladi. AQSh maʼmuriyati bahosiga koʻra, bu Amerika chiplari yordamida ilgʻor sunʼiy intellekt modellarini oʻqitishni qiyinlashtirishi kerak.
Indoneziya, Malayziya, Singapur, Tailand yoki Braziliyada bosh qarorgohiga ega kompaniyalar ilgʻor chiplarga faqat eksport litsenziyasi mavjud boʻlgan taqdirdagina ega boʻla oladi. AQSh rasmiylari bu mamlakatlarda kontrabanda xavfi odatdagidan yuqori, deb hisoblaydi. Qoida Xitoy kompaniyalari Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlaridagi maʼlumotlar markazlarida quvvatlarni ijaraga olgan sxemaga barham berishi kerak.
Reglament AQSh tergovchilari Singapurda joylashgan Megaspeed bulutli kompaniyasini tekshirayotgan bir paytda paydo boʻldi. Ular tekshiruv davomida kompaniya xitoylik mijozlarga eksport nazoratiga tushadigan Nvidia chiplarini olishga yordam bergan-bermaganini aniqlashayotgan edi. Megaspeed chiplarni Xitoyga yetkazib berganlik haqidagi ayblovlarni rad etdi.
Nvidia kompaniyasining hammuassisi Jensen Huang oʻtgan hafta Megaspeedʼning sobiq rahbari Elis Huang bilan nikohdan tashqari munosabatini tan olganidan keyin bosh direktor lavozimini tark etdi. Elis Huang Xitoy foydasiga josuslik qilganlikda gumon qilinmoqda; shu bilan birga, Huanglar qarindosh emas.
AQShning yangi qadami prezident Donald Trampning iqtisodiy sammitda qatnashish uchun Xitoyga safari arafasida, unga bir necha kun qolganida amalga oshirildi. U yerda Tramp XXR raisi Si Szinpin bilan uchrashishi kerak.





