General Motors bosh direktor Meri Barraning oʻrniga rahbar izlamoqda
General Motors bosh direktor Meri Barraning oʻrniga nomzodlarni izlash uchun tashqi kompaniyani yolladi, biroq uning lavozimdan qachon ketishi eʼlon qilinmagan.

The Wall Street Journal maʼlumotiga koʻra, avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya 2014-yildan beri General Motorsʼni boshqarib kelayotgan Barraning oʻrniga voris izlamoqda. Kompaniya hozircha u lavozimni qachon tark etishi mumkinligini ommaga maʼlum qilmagan.
Barra General Motors tarixida lavozimda eng uzoq faoliyat yuritgan ikkinchi rahbar va global avtomobil ishlab chiqaruvchini boshqargan birinchi ayoldir. U kompaniyani 12 yildan beri boshqarmoqda — bu S&P 500 indeksidagi kompaniyalar bosh direktorlarining oʻrtacha faoliyat muddatidan qariyb ikki baravar koʻp.
Tashqaridan nomzodlarni izlash General Motors rahbarlarni koʻp yillardan beri oʻz xodimlari orasidan tayinlab kelayotgani fonida davom etmoqda. Ehtimoliy nomzodlar qatorida moliya direktori Pol Jeykobson, mahsulot yoʻnalishi rahbari Sterling Anderson hamda kompaniyada 40 yil ishlagan va bir necha yil Barraning oʻrinbosari boʻlgan Mark Royss tilga olinmoqda.
Barra General Motorsʼni kompaniya 2009-yildagi bankrotlikdan keyin hali tiklanayotgan paytda boshqara boshlagan. Uning rahbarligi davrida avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya oʻn yil avvalgi davrga nisbatan avtomobillar savdosini kamaytirdi, biroq pikaplar va boshqa yuk avtomobillarini oʻz ichiga olgan, foyda marjasi yuqoriroq modellarga tayanib, foydasini oshirdi. Barra sentyabr oyida Fortune nashriga kompaniya rivojiga hissa qoʻshishda hamon davom eta olishini aytgan.





