BMT 7,3 mln kishiga oziq-ovqat yordami qisqarishi xavfi haqida ogohlantirdi
Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) ijrochi direktori Lyuk Lindberg BMT Xavfsizlik Kengashida Ormuz boʻgʻozi, Bab al-Mandab va Qora dengizdagi uzilishlar 7,3 mln kishiga oziq-ovqat yordamini xavf ostida qoldirishi mumkinligini aytdi.

Vaziyat saqlanib qolsa, BMT Jahon oziq-ovqat dasturi 2027-yil oʻrtalarigacha qoʻshimcha xarajatlar 727 mln dollarni tashkil etishini kutmoqda. Lindbergning soʻzlariga koʻra, bu muhtoj oilalarga oziq-ovqat yetkazib berish qisqarishiga olib kelishi mumkin.
WFP uzilishlarni mojarolar kuchayishi va iqlimiy zarbalar, jumladan, El-Ninyo hodisasi bilan bogʻlamoqda. Dunyo boʻyicha oʻgʻit yetkazib berishning qariyb 30 foizi Ormuz boʻgʻozi orqali oʻtadi. Qora dengiz Somali va Yaman uchun muhim don manbai boʻlib qolmoqda; Yaman oziq-ovqatining 90 foizini import qiladi.
Oktyabr oʻrtalariga kelib, Bosfor orqali bugʻdoy va makkajoʻxori tashuvchi kemalar soni bir yil avvalgiga nisbatan 63 foizga kam boʻlgan. WFP bahosiga koʻra, Rossiya va Ukrainaga tegishli 10 mln tonnagacha don jahon bozorlariga chiqmay qolishi mumkin — bu miqdor taxminan 44 mln kishiga yetar edi.
Hozir oʻtkir ochlik 266 mln kishiga taʼsir qilmoqda, Sudan, Janubiy Sudan va Somalining ayrim hududlarida esa ochlik xavfi saqlanib qolmoqda. Sudanda asosiy oziq-ovqat ratsioni narxi fevraldan beri 130 foizga oshdi. Lindberg mamlakatlarni ochlikka yoʻl qoʻymaslikka, oziq-ovqatdan qurol sifatida foydalanmaslikka va gumanitar xodimlarga hujum qilmaslikka chaqirdi.





