The Hollywood Reporter AQShdagi eng yaxshi animatsiya maktablarini sanab oʻtdi
Amerikaning The Hollywood Reporter jurnali animatsiya industriyasi uchun mutaxassislar tayyorlaydigan AQShdagi oʻnta taʼlim muassasasini taqdim etdi. Tanlovda taʼlim sifati, kasbiy rivojlanish imkoniyatlari, kinostudiyalar bilan hamkorlik va bitiruvchilarning ish topish istiqbollari hisobga olindi.

Roʻyxatdan Brigham Young universiteti, Kaliforniya sanʼat instituti, Long-Bichdagi Kaliforniya shtat universiteti, DePol universiteti, Rod-Aylend dizayn maktabi, Ringling sanʼat va dizayn kolleji, Savanna sanʼat va dizayn kolleji, Vizual sanʼat maktabi, Los-Anjelesdagi Kaliforniya universiteti va Janubiy Kaliforniya universiteti oʻrin oldi.
Mualliflar talabalarning amaliy tayyorgarligiga alohida eʼtibor qaratdi. Koʻplab dasturlarda yirik animatsiya kompaniyalarida amaliyot oʻtash, oʻz filmlari ustida ishlash, soha mutaxassislari bilan uchrashish va portfolio yaratishda yordam olish imkoniyati koʻzda tutilgan.
Mualliflar animatsiya industriyasi oʻzgarishlarni boshdan kechirayotganini taʼkidlaydi: studiyalar ishlab chiqarish hajmini qisqartirmoqda, sunʼiy intellekt esa odatiy ish jarayonlarini oʻzgartirmoqda. Shu bois boʻlajak mutaxassislar uchun nafaqat texnik koʻnikmalar, balki ijodiy fikrlash, jamoada ishlash qobiliyati va kasbiy aloqalar ham ayniqsa muhim.





