Oʻzbekistonda Amerikaning mashhur ikki telekoʻrsatuvini suratga olish rejalashtirilmoqda
2027-yilda Oʻzbekiston Amerikaning The Amazing Race va Expedition Unknown teleloyihalari uchun suratga olish maydonchasiga aylanishi mumkin.

Dastlabki kelishuvlarga Los-Anjelesda boʻlib oʻtgan American Film Market kinobozorida erishildi, deya xabar bermoqda Turizm qoʻmitasi.
The Amazing Race — CBS telekanalining mashhur realiti-shousi boʻlib, unda ishtirokchilar turli mamlakatlar boʻylab sayohat qiladi, topshiriqlarni bajaradi va oʻzaro bellashadi. Dastur mavjud boʻlgan davrda 15 ta «Emmi» mukofotini qoʻlga kiritgan.
Discovery telekanalining ikkinchi loyihasi — Expedition Unknown — sayohatlar, qadimiy sivilizatsiyalar va tarixiy jumboqlarga bagʻishlangan. Uning boshlovchisi Josh Gates butun dunyodagi arxeologik yodgorliklar va kam tanilgan joylarni oʻrganadi.
Oʻzbekiston hukumati suratga olish ishlari xorijlik tomoshabinlarni mamlakatning tarixiy shaharlari va diqqatga sazovor joylari bilan tanishtirishga, shuningdek, yangi sayyohlarni jalb etishga yordam beradi, deb umid qilmoqda.
Suratga olishning aniq sanalari va joylari hozircha eʼlon qilinmagan. Kelishuvlar dastlabki bosqichda qolmoqda.





