Microsoft ilovalar ishga tushirilishini bloklashi mumkin boʻlgan Windows 11 himoyasini sinovdan oʻtkazmoqda
Microsoft Windows 11 uchun Baseline Protection himoya tizimini sinovdan oʻtkazmoqda: ilovalar kompyuter himoyalanganligini tekshirishi va talablar bajarilmasa, ayrim funksiyalarni cheklashi yoki umuman ishga tushmasligi mumkin.

Tizim sakkizta xavfsizlik mexanizmini yagona tekshiruvga birlashtiradi. Ular qatoriga TPM 2.0, Secure Boot, VBS, Memory Integrity, imzolangan va sertifikatlangan drayverlar, yadroni debugging qilishdan himoya hamda zaif drayverlarni bloklash kiradi. Tekshiruv muvaffaqiyatli oʻtishi uchun barcha komponentlar faol boʻlishi kerak.
Ishlab chiquvchilar umumiy natijani, yetishmayotgan elementlar roʻyxatini yoki haqiqiyligi ularning serverlarida tekshiriladigan apparat tokenini olishi mumkin boʻladi. Microsoft dasturlarni oʻzi bloklamaydi: kompaniyalar ogohlantirish koʻrsatishi, funksiyalarni oʻchirishi yoki dasturning ishga tushirilishini toʻliq taqiqlashi mumkin.
Sinovga Adobe, Battle.net bilan Blizzard, 1Password, Raycast va Schoolyear qoʻshildi. Schoolyear imtihonlar oldidan oʻquvchilarning kompyuterlarini tekshiradi. Yangilik himoyani unumdorlik, moslik yoki bir nechta operatsion tizim, jumladan Linux bilan ishlash uchun oʻchirib qoʻyadigan foydalanuvchilarga taʼsir qilishi mumkin. Xususan, Linux oʻrnatilgan ayrim konfiguratsiyalarda xavfsizlik sozlamalarini, masalan, Secure Bootʼni oʻzgartirish talab etilishi mumkin. Biroq bu yangi tizim Linuxʼdan foydalanishni ataylab cheklaydi, degani emas. Hozir bu funksiya Windows Insider dasturi ishtirokchilari tomonidan sinovdan oʻtkazilmoqda, uni tarqatish 2027-yilga rejalashtirilgan.





