Kaliforniyada sud orqali ilgʻor AI modellarini ishlab chiqishni toʻxtatish talab qilindi
Notijorat tashkilotlar guruhi Kaliforniya sudiga Anthropic, Google, Meta Platforms, OpenAI va SpaceX kompaniyalariga qarshi daʼvo arizasi berib, ulardan ilgʻor AI modellarini ishlab chiqishni taqiqlashni soʻradi.

Daʼvogarlar orasida Irreplaceable Education Fund, Public Citizen, Heat Initiative va The Alliance for Secure AI bor. Ular ilgʻor sunʼiy intellekt tizimlari odamlarning sogʻligʻi, xavfsizligi va mulkiga tahdid soladi, deb hisoblaydi. Tashkilotlarning taʼkidlashicha, kompaniyalarning oʻz rahbarlari ilgari bunday texnologiyalar insoniyat uchun bevosita va halokatli xavf tugʻdirishi haqida ogohlantirgan.
Daʼvo Kaliforniyaning insofsiz raqobat toʻgʻrisidagi qonuniga asoslangan. Daʼvogarlarning taʼkidlashicha, allaqachon mavjud, ammo kuchi kamroq AI tizimlari himoya mexanizmlarini chetlab oʻtgan, tashqi kompyuter tarmoqlariga ruxsatsiz kirgan va ishlab chiquvchilar koʻzda tutmagan harakatlarni bajargan. Ishlab chiqilishini toʻxtatish taklif etilayotgan mahsulotlarga misol sifatida hujjatda ChatGPT, Gemini va Claude keltirilgan.
Irreplaceable Education Fund asoschisi va ijrochi direktori Fil Aroneanu ilgʻor AI tizimlarini ishlab chiqishni texnologiya ustidan nazorat oʻrnatilguncha hamda AQSh jamoatchiligi uning kelajagini belgilashda ishtirok etguncha toʻxtatib turish kerakligini aytdi.
Daʼvo Donald Tramp maʼmuriyati AI sohasini keng koʻlamda tartibga solishdan voz kechgan bir paytda berildi: AQSh hukumati bunday choralar Xitoy bilan raqobatda mamlakatni zaiflashtirishidan xavotirda. Shu sababli ayrim shtatlar hokimiyatlari va xususiy tashkilotlar oʻzgarishlarga sud orqali erishishga urinmoqda.
Iyun oyida Florida bosh prokurori Jeyms Utmayyer OpenAI kompaniyasiga qarshi alohida daʼvo arizasi berdi. U kompaniyani ChatGPT xavfsizligi haqida jamoatchilikni chalgʻitishda aybladi va xizmat bolalarga zarar yetkazganini bildirdi. Sentabrda shtat hukumati suddan OpenAIʼga tashqi nazoratsiz yangi AI modellarini ishlab chiqishni taqiqlashni soʻradi. Bu ish boʻyicha qaror qabul qilinmagan.





