Keniya va Kongo Demokratik Respublikasi diplomatik aloqalarni tiklashga kelishib oldi
Ikki mamlakat prezidenti elchilarni qayta yuborish va hamkorlikni faollashtirish niyatida. Kelishuv Kongo Respublikasida oʻtkazilgan toʻrt tomonlama sammitda erishildi.

Keniya prezidenti Uilyam Ruto va Kongo Demokratik Respublikasi rahbari Feliks Chisekedi mamlakatlar oʻrtasidagi toʻlaqonli diplomatik aloqalarni tiklash ustida ishlashga kelishib oldi. Muzokaralar 22 noyabr kuni Oyo shahrida (Kongo Respublikasi) boʻlib oʻtgan sammitda oʻtkazildi.
Uchrashuvni Kongo Respublikasi prezidenti Deni Sassu-Ngesso tashkil qildi. Unda Togo hukumati rahbari Fora Gnassingbe ham qatnashdi. U Afrika Ittifoqining Kongo Demokratik Respublikasining sharqidagi inqirozni hal qilish boʻyicha vositachisi sifatida ishtirok etmoqda.
Tomonlar elchilarni qayta yuborish, muntazam diplomatik maslahatlashuvlar oʻtkazish hamda savdo, iqtisodiyot va mintaqaviy xavfsizlik masalalarida hamkorlikni mustahkamlash niyatida. Yetakchilar, shuningdek, Ebola isitmasiga qarshi kurashish uchun mamlakatlarni saʼy-harakatlarini birlashtirishga chaqirdi.
Nayrobi va Kinshasa oʻrtasidagi munosabatlar 2023 yil dekabrida keskinlashgan. Yangi kelishuv mamlakatlar oʻrtasidagi ishonchni tiklashga yordam berishi kerak.





