Islomobod muzeyidagi ekspozitsiya oʻzbek hunarmandlari buyumlari bilan toʻldiriladi
Islomobodda «Lok Virsa» majmuasining oʻzbek boʻlimini «Hunarmand» uyushmasi buyumlari bilan yangilash va 2027 yilda qoʻshma tadbirlar oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishildi.

«Hunarmand» uyushmasi delegatsiyasining Pokistonga ishchi tashrifini Oʻzbekiston elchixonasi tashkil etdi.
Uchrashuvda Pokiston muzeylarida Oʻzbekistonning tarixiy merosini oʻrganish, milliy hunarmandchilik maktablari oʻrtasidagi hamkorlik, ustalar oʻrtasida tajriba almashish hamda qoʻshma koʻrgazma va yarmarkalar oʻtkazish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar xalq hunarmandchiligi anʼanalarini asrab-avaylash masalasini ham koʻrib chiqdilar.
Muzokaralar yakunida «Lok Virsa» muzey majmuasining oʻzbek boʻlimini milliy hunarmandchilik buyumlari bilan boyitishga qaror qilindi. Bundan tashqari, 2027 yilda Pokistonda qoʻshma tadbirlar oʻtkazish rejalashtirilmoqda, elchixonadagi «Made in Uzbekistan» koʻrgazmasi uchun esa amaliy sanʼat buyumlari elchixonaga yetkaziladi.
Delegatsiya ishtirokchilari Islomoboddagi «Lok Virsa» majmuasi, Pokiston monumenti va Faysal masjidiga tashrif buyurdilar. Dastur doirasida, shuningdek, Peshovardagi Seti saroyiga, Xaybar-Paxtunxva arxeologiya muzeyiga va Lahordagi Boburiylar davriga oid tarixiy inshootlarga borish ham koʻzda tutilgan. Tashrif 2026 yil 24 noyabrda yakunlanadi.





