Oʻzbekistonda yangilangan alifboga bosqichma-bosqich oʻtish muhokama qilinadi
Qaror loyihasi 2027-yil 22-apreldan hujjatlar, taʼlim, OAV, biznes va raqamli xizmatlarni yangi lotinga bosqichma-bosqich oʻtkazishni taklif qiladi. Muhokama 6-dekabrgacha.

Adliya vazirligi 21-noyabr kuni loyihani jamoatchilik muhokamasiga eʼlon qildi. Unda Oʻ, Gʻ, Sh va Ch belgilarini Ö, Ğ, Ş va Ç bilan almashtirish koʻzda tutilgan. Alifbo 28 ta harf va apostrofni oʻz ichiga oladi.
Avval berilgan pasport, guvohnoma va boshqa hujjatlar yuridik kuchini saqlaydi. Yangi ID-kartalar, xorijga chiqish pasportlari, haydovchilik va texnik guvohnomalar hamda kadastr hujjatlari yangi qoidalar asosida rasmiylashtiriladi. Ism, familiya yoki otasining ismi yozilishidagi farq xizmatni rad etishga asos boʻlmaydi.
1–11-sinf darsliklari 2027–2031-yillarda yangilanadi. Yangi harflarga avval 1-sinf oʻquvchilari oʻtadi, 5–11-sinflarga imloni tekshirishda vaqtinchalik yengillik beriladi.
OAV, peshlavhalar, koʻrsatkichlar, bank ilovalari, OneID va my.gov.uz ham yangi alifboga oʻtkaziladi. Qadoqlarda 2028-yil 22-aprelgacha ikkala variantdan foydalanishga, avval tayyorlangan materiallardan esa 2029-yil 22-aprelgacha foydalanishga ruxsat beriladi.
Android, iOS, macOS va Windows uchun klaviatura standarti yaratiladi. OpenAI, Google, Anthropic, xAI, DeepSeek va Metaʼga AI tizimlarini moslashtirish taklif etiladi. Domenlar, elektron manzillar, loginlar va hisob raqamlarini oʻzgartirish talab qilinmaydi.





