Cambridge Dictionary sunʼiy intellektdan qoʻrqishlar fonida «inson»ni 2026-yil soʻzi deb eʼlon qildi
Shu tariqa lugʻat sunʼiy intellektning shaxsiyat, ijodkorlik va insonning oʻziga xosligiga taʼsiri borasidagi kuchayib borayotgan xavotirlarni aks ettirdi.

Cambridge Dictionary «human» soʻzini yil soʻzi deb eʼlon qildi. Lugʻat bahosiga koʻra, bu tanlov sunʼiy intellekt insoniylik haqidagi tasavvurlarni qanday oʻzgartirayotgani va odamlar bilan mashinalar oʻrtasidagi chegarani qanday xiralashtirayotgani haqidagi munozaralar bilan bogʻliq.
Lugʻat leksikografi Kolin MakIntosh fikrlash bilan bogʻliq vazifalarni sunʼiy intellektga topshirish odamlarni texnologiyalarga qay darajada qaram ekanini qayta koʻrib chiqishga majbur qilayotganini taʼkidladi — matematik tadqiqotlardan tortib bolalarni oʻqitishgacha.
Cambridge Dictionary «human» soʻzini xudolar, hayvonlar yoki mashinalardan farqli ravishda, odamlarga xos fazilatlar, kamchiliklar va his-tuygʻularga ega boʻlgan, deb izohlaydi.
Yil soʻzi unvoniga boshqa daʼvogarlar qatorida mustaqil ravishda qaror qabul qila oladigan avtonom sunʼiy intellekt tizimi — «agent», shuningdek, analog, yaʼni raqamli boʻlmagan dunyo bilan bogʻliq «analogue» soʻzi ham bor edi.
2023-yilda Cambridge Dictionary «hallucinate» soʻzini yil soʻzi deb tanlagan. Bu atama sunʼiy intellekt tomonidan yolgʻon yoki chalgʻituvchi axborot yaratilishini anglatadi.





