Jenevada Sindorov va Gukesh jahon chempionligi uchun bahsni boshlaydi
Jenevada oʻzbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorov va amaldagi jahon chempioni Dommaraju Gukesh oʻrtasida shaxmat toji uchun bahs boshlanadi.

Bahs ishtirokchilarining ikkalasi ham 20 yoshli grossmeyster. Bu jahon chempionligi uchun oʻtkazilgan matchlar tarixidagi eng yosh raqiblar juftligidir.
Gukesh Ding Liren ustidan qozongan gʻalabasidan keyin unvonga ega boʻldi, Sindorov esa daʼvogarlar turnirida birorta ham magʻlubiyatsiz muddatidan oldin gʻalaba qozonib, bahsda qatnashish huquqini oldi. Bungacha u FIDE Jahon kubogida gʻolib boʻlgan.
Noyabr oyidagi FIDE reytingida Sindorov 2782 ochko bilan toʻrtinchi, Gukesh esa 2710 ochko bilan 26-oʻrinda. Raqiblar oʻrtasidagi farq oʻzbekistonlik shaxmatchi foydasiga 72 ochkoni tashkil etadi. Klassik partiyalarda Sindorov Gukeshga yutqazmagan: uning hisobida ikki gʻalaba va bir durang bor.
Match 14 tagacha partiyani oʻz ichiga olishi mumkin. Gʻalaba uchun 7,5 ochko kerak; asosiy qismdan keyin durang boʻlsa, chempionni tay-brek aniqlaydi. Sovrin jamgʻarmasi 2,5 mln dollarni tashkil etadi.
Sindorov Oʻzbekistondan umum eʼtirof etilgan jahon chempioni unvoni uchun bahsga chiqqan ilk shaxmatchi boʻldi. Uchrashuv boshlanishidan oldin raqiblar uzoq vaqt qoʻl berib koʻrishdi. FIDE marosim videosini eʼlon qilib, hazil bilan bu qoʻl siqishni oʻzi koʻrganlar ichida eng uzoq davom etgani deb atadi.





