Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Chorshanba, 25-noyabr 2026-yilRUUZEN
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Texnologiyalar

BYDning yigʻiladigan ruli endi konsept emas: u 49 500 dollarlik yoʻltanlamas avtomobilga oʻrnatildi

BYD Xitoyda yigʻiladigan rulga ega seriyali Fang Cheng Bao Tai 9 modelini taqdim etdi. Bu funksiya faqat 49 500 dollarlik eng yuqori komplektatsiyada mavjud.

20-noyabr, 14:45По-русски

Read in English

electrek.co

BYD taʼkidlashicha, Fang Cheng Bao Tai 9 xaridorlar yigʻiladigan rul bilan buyurtma qilishlari mumkin boʻlgan birinchi seriyali avtomobilga aylandi. Yoʻltanlamas avtomobilda simli rul boshqaruvi qoʻllanadi: rul bilan old gʻildiraklar oʻrtasida mexanik aloqa yoʻq.

Mexanizm rulni 180 darajaga buradi va taxminan 10 soniyada uni old paneldagi boʻshliqqa joylaydi. Shundan soʻng panel yopiladi, boʻshagan joyda esa stolcha ochiladi. Tizim faqat avtomobil toʻxtab turganida ishlaydi va 80 000 ta siklga moʻljallangan. Rul toʻliq gardishli, jismoniy tugmalarga ega odatiy D-shaklida qoladi. Ishlab chiqaruvchi, shuningdek, 165 darajaga yotqiziladigan oʻrindiqni ham oʻrnatgan.

Taqdimotda Fang Cheng Bao kompaniyasining bosh menejeri Xiong Tianbo avtomobil ishlab chiqaruvchilar 2016-yildan beri yigʻiladigan rul masalasini muhokama qilib kelayotganini, biroq ish ommaviy ishlab chiqarishgacha yetib bormaganini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, mexanizm yuritmasi uchun BYD odamsimon robotlar uchun ishlab chiqayotgan turdagi dvigateldan foydalanadi.

Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media

Tai 9 brendning eng yirik SUV modeliga aylandi. Uning uzunligi — 5 270 mm, gʻildirak bazasi — 3 130 mm, salon esa 2+2+2 sxemasi boʻyicha olti kishiga moʻljallangan. 1,5 litrli turbomotor va ikkita elektr dvigateldan iborat gibrid kuch qurilmasi 400 kVt (536 ot kuchi) quvvat beradi, avtomobil 100 km/soat tezlikka 4,8 soniyada chiqadi. Sigʻimi 66,48 kVt·soat boʻlgan ikkinchi avlod Blade batareyasi WLTC sikli boʻyicha 310 km masofani taʼminlaydi.

Xitoyda model 42 000, 45 000 va 49 500 dollarlik uchta komplektatsiyada taklif etiladi. Yigʻiladigan rul faqat eng qimmat komplektatsiyaga kiradi. BYD hozircha Tai 9 modelini eksport qilish rejalari haqida maʼlum qilmagan.