Oʻzbekistonda milliy Oʻzbekfilm onlayn platformasi yaratiladi
Oʻzbekistonda 2028-yil 1-yanvargacha Oʻzbekfilm platformasi va kinobiletlarni yagona hisobga olish tizimi yaratiladi. Bu kinoindustriyani rivojlantirish haqidagi farmonda belgilangan.

Madaniyat vazirligi markaziy apparati tuzilmasida Kino sanʼati departamenti tashkil etiladi. U kinoindustriyani rivojlantirish bilan shugʻullanadi.
2028-yil 1-yanvardan davlat mablagʻlari hisobidan suratga olingan filmlar va davlat arxivlaridagi materiallar Oʻzbekfilm platformasiga majburiy joylashtirish uchun raqamli formatda taqdim etiladi. Buning uchun haq olinmaydi. Xususiy kinostudiyalar va mualliflarning ishlari platformaga shartnoma asosida joylashtirilishi mumkin.
Kinobiletlarning yagona axborot tizimiga barcha kinoteatrlar hamda filmlarni namoyish etuvchi boshqa tashkilotlar majburiy tartibda ulanadi. Tizim har bir seans, sotilgan biletlar va tushum haqidagi maʼlumotlarni real vaqt rejimida avtomatik qabul qiladi.
Ayrim filmlarga «Umummilliy kinoloyiha» maqomi berilishi mumkin. Bunday qarorni Madaniyat vazirligi Milliy kinokompaniya taklifiga binoan qabul qiladi. Mazkur maqom Oʻzbekistonning milliy qadriyatlari, tarixi va zamonaviy yutuqlarini xalqaro ekranda targʻib qiluvchi filmlar uchun moʻljallangan.





