Xitoy JSTga qoʻshilgach, avtomobil ishlab chiqarishda hukmron kuchga aylandi
2026 yilning I choragida Xitoy 7 mln.dan ortiq avtomobil ishlab chiqardi — bu Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya birgalikda ishlab chiqarganidan deyarli ikki baravar koʻp

Oksford universitetining Xitoy biznesi boʻyicha tadqiqotlar professori Erik Tun bu vaziyatni toʻliq burilish deb atadi: ilgari Xitoyda hukmron boʻlgan yevropalik avtomobil ishlab chiqaruvchilar endi xitoylik brendlar raqobatiga duch kelmoqda.
Xitoy 2001 yilda JSTga qoʻshilishidan oldin ichki bozor yuqori bojlar va import kvotalari bilan himoyalangan edi. Xorijiy kompaniyalar mamlakatda avtomobillarni shu yerning oʻzida ishlab chiqarish va xitoylik kompaniya bilan hamkorlik qilish sharti bilan ishlashi mumkin edi. Bunday qoʻshma korxonalar mahalliy yetkazib beruvchilarga xorijiy konsernlarning texnologiyalari va standartlaridan foydalanish imkonini berdi, biroq dastlab Volkswagen va General Motors bilan raqobatlasha oladigan brendlarni yaratmadi.
JSTga qoʻshilgach, Pekin yangi avtomobil ishlab chiqaruvchilar uchun qoidalarni yumshatdi va sohani raqobat kuchayishiga tayyorlash uchun tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatladi. Batareyalar va elektronika sanoati muhim ustunlikka aylandi. 2009 yilda hukumat elektr avtobuslar va taksilarni rivojlantirish dasturini boshladi, keyinchalik elektromobil ishlab chiqaruvchilar uchun subsidiyalar hamda imtiyozli moliyalashtirishni kengaytirdi.
Tesla bu taʼsirni yanada kuchaytirdi. 2018 yilda Xitoy elektromobil ishlab chiqaruvchilarida xorijiy mulkchilikka qoʻyilgan cheklovlarni bekor qila boshladi. Shundan soʻng kompaniya Shanxayda zavod qurib, mahalliy bozor uchun avtomobillar ishlab chiqarishni boshladi. Ekspertlar bahosiga koʻra, Teslaning mamlakatda faoliyat yuritishi soha standartlarini oshirdi va xitoylik kompaniyalarning investitsiyalarini tezlashtirdi.
Tez oʻsish ichki talab sust boʻlgan bir paytda taklifning ortiqcha boʻlishiga olib keldi. Xitoy kompaniyalari elektromobillarni xorijda faolroq sota boshladi, bu esa Yevropa Ittifoqi va AQSh tomonidan javob tariqasidagi bojlar joriy etilishiga sabab boʻldi. Yevropalik konsernlar esa Xitoydagi mavqelarini boy bermoqda: Volkswagen kompaniyasining mamlakatdagi yetkazib berishlari joriy yilning ikkinchi choragida 36,6 foizga qisqardi. Germaniya xitoylik kompaniyalardan qoʻshma korxonalar tuzishni talab qilishi mumkin — bu Xitoyning oʻzi oʻnlab yillar avval qoʻllagan modeldir.





