Yevrokomissiya Ukrainaga YeIning umumiy qarzi hisobidan 45 mlrd yevrolik kredit ajratishni taklif qildi
Mablagʻlarni xalqaro bozorlarda Yevropa Ittifoqi obligatsiyalarini chiqarish orqali jalb etish rejalashtirilmoqda, deb maʼlum qildi Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen.

Kreditga xizmat koʻrsatish xarajatlarini YeI budjeti hisobidan qoplash rejalashtirilmoqda. Shu tariqa Ukraina foizlarni mustaqil ravishda toʻlashiga toʻgʻri kelmaydi.
Yangi kredit Ukrainada 2027-yil budjeti taqchilligining qariyb uchdan ikki qismini qoplashi kerak. Taqchillik 70 mlrd yevroga baholanmoqda. 45 mlrd yevroning 25 mlrd yevrogacha boʻlgan qismi harbiy yordamga, 20 mlrd yevrogacha boʻlgan qismi esa Ukraina davlat budjetini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilishi rejalashtirilgan. Kiyev moliyaviy ehtiyojlarining qolgan qismini Buyuk Britaniya, Norvegiya, Kanada va Yaponiya yordami hisobidan qoplashni rejalashtirmoqda.
Avvalroq YeI yetakchilari 2026–2027-yillarda Ukrainaning harbiy va moliyaviy ehtiyojlari uchun 90 mlrd yevrolik kreditni maʼqullagan edi. 45 mlrd yevrolik yangi tashabbus moliyalashtirishning qoʻshimcha mexanizmi sifatida koʻrilmoqda.
Slovakiya, Vengriya, Chexiya va Bolgariya yangi mexanizmda ishtirok etishni istamasligini bildirdi. Biroq ularning pozitsiyasini yakuniy huquqiy jihatdan rasmiylashtirish hali oldinda. Tashabbusni ilgari surishni davom ettirish masalasini Yevropa Ittifoqi yetakchilari uchrashuvida muhokama qilish rejalashtirilmoqda.





