OTMlar milliy reytingi: yangi koʻrsatkichlar va ragʻbatlar
Oʻzbekistonda OTMlar milliy reytingi qoidalari oʻzgardi: davlat muassasalariga reyting natijalariga koʻra mablagʻ beriladi, maʼlumot topshirish muddati va ayrim mezonlar qayta koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston Adliya vazirligi oliy taʼlim tashkilotlarining milliy reytingini yuritish tartibiga kiritilgan oʻzgartirishlarni 2026-yil 21-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazdi. Ular reyting natijalarini hisobga olgan holda davlat OTMlarini moliyaviy ragʻbatlantirishni nazarda tutadi.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi yakuniy natijalar eʼlon qilinganidan keyin 15 ish kuni ichida mablagʻlarni taʼlim muassasalariga oʻtkazishi kerak. Shu bilan birga, OTMlarning hisobot yili uchun maʼlumotlarni maxsus platformaga kiritish muddati 1-fevraldan 1-iyungacha uzaytirildi.
Bitiruvchilarni ishga joylashtirish bilan bogʻliq ayrim koʻrsatkichlar “Bitiruvchilar sifati indeksi”ni hisoblash natijalari bilan almashtiriladi. Ushbu indeks metodikasi avvalroq roʻyxatdan oʻtkazilgan.
OTMning xalqaro nufuzini baholashda uning hamkorlari boʻlgan xorijiy universitetlar va ilmiy tashkilotlarning 200 nafargacha xodimini jalb etishga ruxsat berildi. Oʻzgartirishlar prezidentning oliy taʼlim, fan va innovatsiyalarni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar haqidagi farmoni doirasida tayyorlangan.





