Google kod yozish va agentlik vazifalari uchun Gemini 4 Neon modelini taqdim etdi
Model 1 mln tokenlik kontekst oynasi va fikrlash chuqurligining toʻrtta darajasiga ega.

Neon koʻp bosqichli ishlash uchun moʻljallangan: u kontekstni tahlil qiladi, vositalardan foydalanadi va ketma-ket amallarni bajaradi. Model Gemini API va Google AI Studioʻda mavjud, shuningdek, biznes foydalanuvchilari hamda Googleʼning pullik tariflariga obuna boʻlganlar orasida tarqatila boshlandi.
Gemini 4 Neon xhigh darajasida Artificial Analysis Intelligence Index reytingida uchinchi oʻrinni egalladi va oʻzidan kattaroq, ammo sekinroq modellardan ortda qoldi. Dasturlash boʻyicha testlarda Google yetakchi natijalarni, jumladan, bir nechta fayl bilan ishlashda xatolarni tuzatish, refaktoring va uzoq davom etadigan agentlik ssenariylarini bajarishdagi natijalarni qayd etdi.
Narxi 1 mln kiruvchi token uchun $3 va 1 mln chiquvchi token uchun $15 ni tashkil etadi. Keshdagi tokenlar uchun 1 mln token narxi $0,15 etib belgilangan. Fikrlash darajalari natija sifati va tokenlar sarfi oʻrtasidagi muvozanatni tanlash imkonini beradi.
Neonʼning kiberxavfsizlik uchun alohida versiyasi zaifliklarni izlash, xatarlarni tekshirish va koddagi muammolarni tuzatishga moʻljallangan. Google uning himoyalangan kod generatsiyasi va zaifliklarni aniqlash boʻyicha testlardagi natijalarini maʼlum qildi. Ushbu versiyadan foydalanish huquqi Fairwind dasturi orqali tekshirilgan mutaxassislarga berilishi rejalashtirilmoqda.





