Arkanzasdagi router FAA parvozlarining mamlakat boʻylab toʻxtatilishiga sabab boʻldi
FAA maʼlumotiga koʻra, Arkanzasdagi yangi routerning notoʻgʻri sozlanishi 22 markazdan 17 tasida aloqani buzib, 9 000 dan ortiq reysning bekor qilinishiga olib keldi.

FAA nosozlikni Arkanzas shtatining El-Dorado shahridagi radiostansiyada routerning yangilangani bilan bogʻladi. Bir necha hafta avval Texas shtatining Amarillo shahridagi radiolokatsiya obyektida ham xuddi shunday yangilanish oʻrnatilgan edi. Maʼlumot uzatish funksiyasi sozlamalaridagi xato uskunani haddan tashqari koʻp signal yuborishga majbur qilib, eskirgan aloqa tizimlarini ortiqcha yukladi.
AQSh havo harakatini boshqarish obyektlarini bogʻlaydigan tarmoqqa mudofaa pudratchisi L3Harris xizmat koʻrsatadi. Unda eski sanoat routerlari bosqichma-bosqich Cisco va Juniper Systems qurilmalariga almashtirilmoqda. Nosozlik sabab yoʻnalishlarni boshqarish boʻyicha 22 markazdan 17 tasida aloqa uzildi, shundan soʻng idora mamlakat boʻylab parvozlarni toʻxtatishni buyurdi.
Cheklovlar bekor qilingach, AQSh transport vaziri Shon Daffi tizimni modernizatsiya qilish uchun Kongressdan 50 mlrd dollar soʻradi va qoʻshimcha mablagʻ ajratilmasa, bunday toʻxtashlar yana takrorlanishi mumkinligini aytdi. Shu bilan birga, unga avval havo harakatini boshqarish tizimini yangilash uchun 12,5 mlrd dollar ajratilgan edi. Ichki xavfsizlik vaziri Markveyn Mallin kiberhujum ehtimolini istisno qilmadi.
Biroq L3Harris tarmogʻi internetga ulanmagan. Shu sababli tashqaridan hujum qilish uchun FAA obyektining ichida odam boʻlishi kerak boʻlardi. Avvalroq NJ Transit pudratchilari zaxira tizimining optik tolali kabelini shikastlagani infratuzilmaning jismoniy zaifligini koʻrsatgan, ammo bu milliy miqyosdagi nosozlikka olib kelmagan.





