Xitoyda 151 robot bir vaqtda raqsga tushib, Ginnes rekordini oʻrnatdi
Tashkilot vakillari bu yutuqni rasman tasdiqladi. Ushbu toifadagi avvalgi rekord 110 robotdan iborat edi.

Chiqish Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC)ning 33-sammiti doirasida boʻlib oʻtdi. Unda Xitoyning EngineAI kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan T800 robotlari ishtirok etdi. Har bir robotning boʻyi 1,73 metr, ogʻirligi esa taxminan 75 kilogrammni tashkil etadi. Robotlar murakkab dinamik harakatlarni bajara oladi.
Ishlab chiquvchilarning maʼlumotlariga koʻra, T800 robotlari faqat tomoshabop chiqishlar uchun moʻljallanmagan. Ularni sanoatda, koʻngilochar sohada, koʻrgazmalarda, yoʻl harakatini boshqarishda, ilmiy tadqiqotlarda va taʼlimda qoʻllash ham koʻzda tutilmoqda.
Tashkilotchilar ommaviy sinxron chiqish boʻyicha jahon rekordi ilk bor aynan odamsimon robotlar tomonidan oʻrnatilganini taʼkidladi.





