Google DeepMind turli hujayra turlarida genlar faoliyatini bashorat qiluvchi sunʼiy intellektni taqdim etdi
AlphaGenome 2 modeli DNKdagi oʻzgarishlar muayyan hujayra turlarida, masalan, yurak mushagi yoki immun tizimi hujayralarida genlar faolligiga qanday taʼsir qilishi mumkinligini bashorat qiladi.

Google DeepMind modelni 11 noyabr kuni taqdim etdi. Avvalgi versiya bir vaqtning oʻzida koʻplab toʻqimalar va hujayra liniyalari uchun bashoratlar tuzgan. AlphaGenome 2 hujayraning berilgan turi yoki holatini hisobga oladi. Bu bir xil genetik variant qaysi hujayra turlarida gen faolligini oʻzgartirishi mumkinligini baholash imkonini beradi, hatto toʻqima boʻyicha umumiy maʼlumotlarda bu taʼsirni payqash qiyin boʻlsa ham.
Modelni oʻqitish uchun ishlab chiquvchilar inson va sichqonning 68 xil toʻqimasiga mansub alohida hujayralarning 107 mln dan ortiq profilidan foydalangan. DeepMind maʼlumotlariga koʻra, tadqiqotchilar taqdim etgan tajriba natijalaridan foydalanib, model oʻqitish maʼlumotlarida boʻlmagan hujayra holatlari uchun ham bashoratlar tuza oladi.
Bunday bashoratlar kasalliklarni oʻrganishda laboratoriyada tekshirish lozim boʻlgan genetik variantlar doirasini toraytirishga yordam beradi. AlphaGenomeʼning birinchi versiyasi toʻqima darajasidagi bashoratlar yetarli boʻlgan keng koʻlamli tadqiqotlar uchun mavjud boʻlib qolmoqda.
AlphaGenome 2 notijorat tadqiqotlar uchun API orqali foydalanishga ochiq. Tijoriy tadqiqot loyihalari uchun DeepMind hozircha kirishni yopiq dastlabki sinov rejimida taqdim etmoqda.





