Britaniyalik shifokorlar AI koʻkrak saratonini tezroq aniqlashini tekshirishadi
Britaniyada mamografiya boʻyicha dunyodagi eng yirik AI sinovi oʻtkaziladi: qariyb 660 000 ayol diagnostikani tezlashtirishni tekshirish uchun uch guruhga boʻlinadi.

Britaniya hukumati radiologlar sunʼiy intellekt kichik oʻsmalarni aniqlashga yordam berib, diagnostika vaqtini qisqartira oladimi-yoʻqmi tekshiradigan EDITH sinovini eʼlon qildi. Loyihaga 10 mln funt sterling ajratiladi.
Ishtirokchilar uch guruhga boʻlinadi. Birinchi guruhda tasvirlarni standart tartibda ikki radiolog baholaydi. Ikkinchi guruhda shifokor xulosasi tizim natijasi bilan taqqoslanib, u mutaxassis oʻtkazib yuborgan kasallik belgilarini payqaydimi-yoʻqmi aniqlanadi. Uchinchi guruhda AI avval saraton ehtimolini belgilaydi: xavf past boʻlsa, tasvirni bir radiolog, yuqori boʻlsa, ikki radiolog koʻradi.
Har bir tasvirni baribir kamida bitta shifokor tekshiradi. Tizimni standart skrining dasturiga faqat amaldagi tartib kabi kamida xavfsiz va samarali ekani tasdiqlangandan keyin kiritish mumkin boʻladi. Hozir Britaniyada yiliga qariyb 2,1 mln ayol tekshiruvdan oʻtadi; dastur taxminan 1 300 ta oʻlimning oldini olishga yordam beradi.





