LinkedIn rahbari mehnat bozorini «muzlab qolgan» deb atadi, biroq Z avlodida ustunlik borligini koʻrdi
LinkedIn bosh direktori Daniel Shapero yosh mutaxassislarga ish topish tobora qiyinlashayotganini, biroq sunʼiy intellektning rivojlanishi ularga tajribaliroq nomzodlar oldida ustunlik berishi mumkinligini aytdi.

U Fortune jurnaliga bergan intervyusida mehnat bozorini «muzlab qolgan» deb atadi va hozir faoliyatini endi boshlayotganlar uchun ayniqsa qiyin ekanini taʼkidladi. Shu bilan birga, ish beruvchilar Z avlodi vakillarini zamonaviy texnologiyalarni yaxshiroq biladigan va sunʼiy intellektdan samaraliroq foydalana oladigan nomzodlar sifatida koʻrishi mumkin. Bu ish jarayonlarini qayta tashkil etishga intilayotgan kompaniyalar uchun ularning jozibadorligini oshiradi.
Shapero, shuningdek, yoshlarga ish qidirish doirasini kengaytirish va professional aloqalarni faolroq yoʻlga qoʻyishni maslahat berdi. Uning soʻzlariga koʻra, ishga ega boʻlishning eng tezkor usullaridan biri — qiziqish uygʻotayotgan kompaniyada allaqachon ishlayotgan kishi bilan aloqa oʻrnatish. Vakansiyalarga shunchaki ariza yuborishning oʻzi yetarli boʻlmasligi mumkin: shaxsiy tanishuvlar va tavsiyalar tobora koʻproq ishga qabul qilish jarayonining bir qismiga aylanmoqda.





