Shimoliy dengizda yangi konlar boʻyicha bahslar fonida gaz qazib olish boshlandi
Shimoliy dengizning Britaniya sektoridagi Jackdaw konida gaz qazib olish boshlandi. Loyihani Shell va Equinorning Britaniyadagi neft-gaz aktivlari birlashtirilishi natijasida tashkil etilgan Adura kompaniyasi amalga oshirmoqda.

Qazib olingan gaz amaldagi Shearwater platformasi orqali Shotlandiyadagi St Fergus terminaliga yetkaziladi, u yerdan esa isteʼmolchilarga yuboriladi. Kon toʻliq quvvatga chiqqach, taxminan 1,4 million britaniyalik xonadonni gaz bilan taʼminlay oladi. Loyiha mamlakatga import qilinadigan energiya resurslariga qaramlikni kamaytirishga yordam berishi kerak.
Jackdaw loyihasi Britaniya hukumati uni maʼqullaganidan bir oydan kamroq vaqt oʻtib ishga tushirildi. Biroq Shimoliy dengizni keyinchalik oʻzlashtirish rejalari siyosiy bahslarga sabab boʻlmoqda.
Jumladan, Shetland orollarining gʻarbida joylashgan, qiymati taxminan 11,5 milliard dollar boʻlgan Rosebank loyihasining taqdiri hamon noaniq. The Sunday Times maʼlumotiga koʻra, Leyboristlar partiyasidan kamida 75 deputat uni amalga oshirishga qarshi chiqqan.
Shu tariqa, Buyuk Britaniya bir vaqtning oʻzida energetik xavfsizlikni mustahkamlashga va 2050 yilgacha uglerod neytralligiga erishish yoʻlidan borishga harakat qilmoqda.





