Mozilla Windowsʼda Edgeʼni tiqishtirish boʻyicha shikoyatlar uchun ishonch telefonini ishga tushirdi
Firefox ishlab chiquvchisi Mozilla 1–855-25-FIREFOX raqamli maxsus ishonch telefonini ishga tushirdi. Windows foydalanuvchilari brauzerni tiqishtirish yuzasidan shikoyat bilan shu raqamga murojaat qilishlari mumkin.

Aksiya yuridik kompaniyalar reklamasi uslubida tayyorlangan boʻlib, dasturiy taʼminotni tanlash muammosiga eʼtibor qaratishga qaratilgan. Mozilla fikricha, Microsoft foydalanuvchilarni oʻz ekotizimida ushlab qolish uchun turli usullardan foydalanadi.
Jumladan, Windows 10’dan Windows 11’ga zaxira nusxa orqali oʻtilganda, uchinchi tomon brauzerining sozlamalari saqlanmay qolishi, Edge esa standart brauzerga aylanishi mumkin. Bundan tashqari, foydalanuvchi boshqa dasturni tanlagan boʻlsa ham, Outlook, Teams va Windows qidiruvidagi havolalar koʻpincha aynan Edgeʼda ochiladi.
Mozilla, shuningdek, Yevropa Ittifoqi foydalanuvchilari uchun amaldagi qoidalar boshqa mintaqalardagi qoidalardan farq qilishini eslatadi. Yevropa qonunchiligi tufayli Yevropa Ittifoqi aholisi brauzerlarni tanlash va oʻchirishda koʻproq erkinlikka ega boʻldi.
Kompaniya Microsoftʼni bunday amaliyotni toʻxtatishga va barcha foydalanuvchilarga tanlash uchun teng imkoniyatlar berishga chaqirmoqda.





